Assalomu alaykum! Elektron ta’lim platformasidan foydalanib o‘tilayotgan videolavhani ko‘rdik. Ayting-chi, darsda qaysi platformadan foydalangansiz? Bu platforma haqida so‘zlab bering.
Vaalaykum assalom! Men darsimni talim.uz platformasi orqali tashkil qildim, bu dars jarayonida olingan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Talim.uz platformasi ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida tayyorlangan, davlat ta’lim standartlariga to‘liq javob beradigan, video, audio, matn, o‘yin, test, interfaol mashqlar va virtual labоratoriyalarni o‘zida jamlagan o‘zbek tilidagi yagona o‘quv metodik majmuadir.
Siz bu platforma haqida qayerdan bildingiz? Platformaga kirish bepulmi?
Talim.uz platformasi haqida pilot loyihasi jarayonida o‘tkazilayotgan onlayn konferensiyalar va ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar topdim. Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tmoqchiman, talim.uz platformasi hozir butun respublika bo‘ylab pilot loyihasini amalga oshirmoqda. Har bir o‘qituvchi platformadan bepul foydalanishi mumkin. Men ham maktab ma’muriyatiga murojaat qilib, login va parolni oldim va shu orqali platformaning mazmun-mohiyati bilan tanishib chiqdim. Bilasizmi, platformadagi manbalar bu – men anchadan beri izlagan va kutgan ma’lumotlar majmuasi ekan. Bundan tashqari, platformadagi mavzular qo‘limizdagi yillik taqvim mavzu rejalari bilan aynan mos kelishi hamda darsliklarimizdagi ma’lumotlarning boyitilganligi bilan ahamiyatlidir.
Dars jarayonida platformadan qanday foydalanish haqida batafsil ma’lumot bering.
Men hozirgi kunda barcha darslarimni talim.uz platformasi manbalari orqali tashkil etyapman. Yangi mavzuni o‘zim ma’ruza usulida tushuntirib bergach, platformadan videotushuntirishni o‘quvchilarga ko‘rsataman. Mavzu yuzasidan olgan bilimlarini mustahkamlash maqsadida platformaning topshiriqlar bo‘limiga o‘taman. Platforma topshiriqlari shunday tuzilganki, qiyinlik darajasiga ko‘ra oddiydan murakkabga tomon o‘sib boradi. Sir emaski, bir sinfda o‘zlashtirish darajasi har xil o‘quvchilar ta’lim olishadi. Bunday topshiriqlar sinfdagi hamma o‘quvchilarning darsda faol ishtirok etish imkoniyatini beradi. Platformaning yana bir muhim jihati shundaki, turli sabablarga ko‘ra darsda ishtirok eta olmagan o‘quvchilar ham uyda platformadan foydalanib, olgan bilimlarini sinashlari mumkin.
Boshqa elektron (raqamli) darslardan ham foydalanib ko‘rganmisiz? Ulardan qaysi biri sizga qiziqarliroq bo‘ldi va nima uchun?
Sinfda elektron darslardan foydalanish – hozirgi davr talabi. Farzandlarimizning virtual olamdagi ma’lumotlarga bo‘lgan qiziqishi yuqori, ammo hozirda maktablarimizda bunga e’tibor kamroq. Bugungi kunda ta’limga yo‘naltirilgan ko‘plab platformalar bilan tanishman. To‘g‘ri, ularning barchasi ham darsning sifatini oshirishga qaratilgan. Lekin alohida ta’kidlab o‘tmoqchimanki, talim.uz platformasidagi darslar yillik taqvim mavzu rejalar bilan aynan mos tuzilgan. Ma’lumotlar keng yoritilishi bilan birga mavzu yuzasidan o‘quvchilarning bilimini sinovchi interaktiv topshiriqlarning mavjudligi menga ko‘proq ma’qul bo‘ldi. Platformaning yana bir muhim jihati shundaki, unda hech qanday reklamalar sizni bezovta qilmaydi, ya’ni farzandlarimiz tarbiyasiga zid bo‘lgan ma’lumotlar yo‘q. Har bir darsda foydalanilgan ranglar, videotushuntirishlarning davomiyligi o‘quvchilarning yoshi va individual hususiyatlarini hisobga olgan holda yaratilgan.
Darslaringizda Talim.uz resurslaridan foydalanishda davom etasizmi?
Albatta. Bilasizmi, sinfda darsni e’lon qilishim bilan o‘quvchilarim: “Ustoz, platformadan foydalanib dars o‘taylik”, deya taklif bildirishadi. Yana qo‘shimcha qilmoqchimanki, topshiriqlarning hayotiy misollar bilan berilishi, bolaning yoshiga mos tuzilganligi, ayniqsa, milliyligimiz ufurib turishi ko‘proq e’tiborni tortadi. Bundan tashqari, ota-onalar ham farzandlarining fanlarga bo‘lgan intilishlarini ko‘rib juda minnatdor.
Sizningcha, Talim.uz darslaridan mashg‘ulotda (darsda) muntazam foydalanish o‘quv jarayoniga ijobiy ta’sir qiladimi?
Men talim.uz platformasidan foydalanish jarayonida yaxshi natijalarni kuzatdim. Barcha o‘quvchining diqqatini darsga qaratish va dars davomida hammani baholash imkonini beradi. Mavzuni mustahkamlashda va mavzu yuzasidan o‘quvchilardagi bo‘shliqlarni to‘ldirishda ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Men alohida e’tirof etib o‘tmoqchimanki, bugun ilm, fan-texnika shiddat bilan rivojlanayotgan bir davrda bunday milliy platforma aynan o‘zimizning malakali mutaxassislarimiz tomonidan yaratilganligi menda faxr tuyg‘usini uyg‘otdi.
Talim.uz resurslari darsga tayyorlanish vaqtini qay darajada tejaydi?
Avvallari darsimga oid manbalarni izlashda soatlab vaqt sarflardim. Aksariyat hollarda topgan manbalarimni o‘quvchilarga yetkazishga ulgurmas edim. Hozir esa men talim.uz bilan birgaman, chunki mavzu bo‘yicha qiziqarli manbalar barchasi shu platformada mujassam.
Dars jarayonida Talim.uz dan muntazam foydalanish o‘quvchilar bilan o‘zaro munosabatingizga ta’sir qildi deb o‘ylaysizmi?
Platformadan foydalana boshlaganimdan beri bolajonlarning fanga, o‘qishga qiziqishlari ortganini, hatto sinfdagi tortinchoq yoki o‘zlashtirishi past o‘g‘il-qizlar ham bugun ancha faollashganining guvohi bo‘lyapman. Men talim.uz platformasi bilan birga twig-talim.uz platformasidan ham darslarimda foydalanyapman. Ushbu platformada fanlar bo‘yicha juda qiziqarli videofilmlar jamlanmasi taqdim etilgan. Masalan, tarbiyaviy soatda twig-talim.uz platformasidan “Zilzila haqida ma’lumot” deb nomlangan videofilmni qo‘yib berdim. Bolajonlarning zilzila haqidagi o‘nlab savollariga shu birgina film orqali javob bera oldim. O‘ylaymanki, bugungi kun bolalari uchun bunday zamonaviy platformalar ayni muddao bo‘ldi. Tabiiyki, bu ustoz va o‘quvchi o‘rtasidagi do‘stona munosabatni ham mustahkamlaydi.
Eslatib o‘tamiz! Talim.uz va Twig-talim.uz platformalari joriy o‘quv yilida respublika bo‘yicha barcha o‘qituvchilar uchun bepul taqdim etilgan. Talim.uz platformasi bilan bog‘lanish manzillari:
Telefon: +998 (95) 177-20-50
Telegram rasmiy sahifasi: https://t.me/talim_maktab
Elektron manzil: support@talim.uz