“Sifatli ta’lim – kuchli jamiyat” shiori ostida joriy yilning 8-9-avgust kunlarida “II ustozlar milliy forumi” o‘tkazildi.
Forumning maqsadi: yangi o‘quv yilida maktabgacha va maktab ta’limi tizimida ta’lim-tarbiya sifatini yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olish, Prezident maktablarining ilg‘or tajribasini keng joriy etish, inklyuziv ta’lim hamda maxsus ta’lim sifatini yaxshilash, xalqaro talablar asosida ishlab chiqilgan o‘quv reja, dastur va o‘quv-metodik majmualarni samarali joriy etish.
Tashkilotchilar: O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi;
YUNESKOning Toshkentdagi ofisi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Odil Abdurahmonov ochib berdi:
- Bugungi kunda o‘qituvchilarning nufuzini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda. Shunga mos tarzda ta’lim sifatini oshirish, chet tillarini puxta o‘rganish, moliyaviy savodxonlikni oshirishi hamda amaliyotga bog‘lagan holda dars o‘tish zamon talabiga aylanib bormoqda. Umid qilamanki, bugungi forum yangi o‘quv yili oldidan oldimizda turgan dolzarb vazifalarni belgilab olish uchun o‘ziga xos maydon vazifasini bajaradi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova:
- Maktabni o‘zgartirmasdan turib jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Ta’lim va tarbiyaning asosi, poydevori bu bog‘cha va maktabdir. Ularni muqaddas dargohga aylantiragan kuch esa pedagoglarimiz hisoblanadi. Bugungi kunda tizimda faoliyat yuritayotgan 500 ming nafar o‘qituvchi va 150 ming nafar tarbiyachilarimiz kelajak taraqqiyoti poydevorini yaratadi. Ushbu forum ustozlarimizga tajriba almashish va yangi bilimlarni egallashlariga ko‘mak berishiga ishonaman.
Shuningdek, tadbir doirasida fidoyi ustozlardan 24 nafari “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ko‘krak nishonlari O‘zbekiston Qahramonlari Muhabbat Sharopova, Anor Mahmudova, O‘zbekiston xalq o‘qituvchilari Baxtiyor Abdiyev va Rahmatilla Karimovlar tomonidan o‘z egalariga topshirildi. Ma’lumot uchun, mazkur forumda butun Respublikamiz bo‘ylab jami 322 nafar pedagog xodim qatnashdi.
Forum doirasida kompaniyamiz ham maktab o‘qituvchilari uchun onlayn konferensiyalar o‘tkazdi.
22.08 da Buxoro hamda Farg‘ona viloyatlarining Kogon, Uchko‘prik tumanlari;
23.08 da Buxoro, Jizzax viloyatlarining Buxoro, Olot, Zarbdor tumanlari;
24.08 da Buxoro, Jizzax, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari hamda 28.08 da Yuqori Chirchiq tumani uchun ZOOM konferensiyalar o‘tkazildi. Ushbu konferensiyalarda bugungi avlodga ta’lim berishda o‘qituvchi ta’limning yangi shakllari, vositalari va texnologiyalaridan foydalanishi lozimligi, raqamli kompetensiyalarga ega bo‘lishi kerakligi, shuningdek, “talim.uz” va “twig-talim.uz” platformalari manbalarining imkoniyatlari haqida gapirildi.
2023-2024 o‘quv yiliga “Ta‘lim Media Group” kompaniyasi o‘z oldiga quyidagi maqsadlarni qo‘ygan:
- “ta’lim.uz” platformasida 10 ta fandan barcha choraklar uchun dars ishlanmalarini taqdim etish;
- “talim.uz” platformasidagi qo‘shimcha manbalardan – “twig-talim.uz”, audioxrestomatiya, virtual laboratoriya, ingliz tili kurslaridan bepul foydalanish imkoniyati;
- 2023-2024 o‘quv yili uchun “ta’lim.uz” platformasining pilot loyihasi doirasida pedagoglar uchun ZOOM konferensiyalar va treninglar o‘tkazish;
- o‘qituvchilarning ta’lim sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasini e’tirof etish va ommalashtirish hamda pedagogik innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni rag‘batlantirish maqsadida “Novator o‘qituvchi – 2024” tanlovini o‘tkazish;
- platformani ommalashtirish maqsadida turli xil tadbirlar o‘tkazish.
Ushbu loyiha Respublikamiz pedagoglari va metodistlari uchun elektron ta’lim sohasida katta yordam ko‘rsatib, ta’lim sifatining oshishiga xizmat qiladi.