“Sifatli ta’lim barcha uchun!’’ shiori ostida ish olib boradigan “TA’LIM MEDIA GROUP” kompaniyasi o‘qituvchilarning ta’lim sohasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasini e’tirof etish va ommalashtirish hamda pedagogik innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida “Novator o‘qituvchi – 2023” tanlovini e’lon qiladi. Tanlov mavzusi: “Talim.uz platformasi darsda!”
Tanlov ishtirokchisi tomonidan 15 daqiqa (10 daqiqadan kam bo‘lmagan, 15 daqiqadan oshiq bo‘lmagan) dars videosi (talim.uz, twig-talim.uz platformalaridan foydalangan) va dars jarayonida olingan fotosuratlar yuboriladi. Video boshida o‘qituvchi o‘zini tanishtiradi, pedagogik ish faoliyatida erishgan yutuqlari va dars davomida foydalanadigan metodlari haqida hikoya qiladi (2-4 daqiqa). Qolgan vaqt dars jarayonidan lavhaga ajratiladi. Qaysi fandan, qaysi sinfga, qaysi mavzuda dars tashkil qilinganligi aytib o‘tiladi. Tayyor video va fotosuratlarni kompaniyaning quyidagi elektron manzillariga yuborishlari kerak:
https://forms.gle/Xdchk1576bH4oaE57 (Google forms)
2023.novator@gmail.com (elektron pochta)
@novator_oqituvchi2023 (telegram manzili)
Tanlov ishtirokchisi arizani to‘ldirib, unga ish joyidan ma’lumotnoma, fotosuratlar va tanlov ishini ilova qilishi kerak. Tanlovga qatnashish haqida arizada quyidagi malumotlar: familiyasi, ismi, sharifi, lavozimi, pedagogik staji, o‘qitish tili, maktab raqami, qaysi tuman/viloyat/shahardan ekanligi aks ettirilishi zarur.
Tanlovda quyidagi shaxslar ishtirok etishlari mumkin:
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, xususiy maktablar, maktab-internatlari, ixtisoslashgan maktablar (PIIMA)da faoliyat olib borayotgan barcha o‘qituvchilar tanlovda ishtirok etishlari mumkin.
Ishtirokchilar 1 yildan ortiq pedagogik stajga ega bo‘lishlari va ish joyidan buni tasdiqlovchi ma’lumotnomani (nusxasi rasmga olib jo‘natiladi) taqdim etishlari shart (tanlovda ma’lumotnomasiz qatnashish mumkin emas).
Tanlovni o‘tkazish tartibi:
- Tanlov ishlarini qabul qilish: 07.03.2023 – 05.05.2023;
-
Tanlov ishlarini tekshirish: 06.05.2023 – 20.05.2023;
-
Tanlov natijalarini e’lon qilish: 21.05.2023 – 24.05.2023;
-
Tanlov g‘olibini taqdirlash: 25.05.2023.
Tanlov shartlari:
- Taqdim etilayotgan ish tanlov talablariga javob berishi kerak. Darsning tuzilishi, shakli va dizayni pedagogning oldiga qo‘ygan maqsadiga mos holatda amalga oshiriladi.
- ‘‘TA’LIM MEDIA GROUP” kompaniyasi tanlov ishtirokchilariga ushbu dars jarayonidan fotosuratlar va videolavhalarni veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar hamda boshqa manba va nashrlarda to‘liq yoki qisman joylashtirilishiga ruxsat beradi.
Tanlov ishtirokchisiga va tanlov ishiga qo‘yiladigan talablar:
- dars o‘tishda pedagogning metodik savodxonligi;
- dars o‘tish jarayonida faqat talim.uz, twig-talim.uz platformalari materiallaridan (videolar, animatsion taqdimot, interfaol mashqlar, simulyatorlar, diagrammalar, jadvallar, ishchi varaqlar va h.k.z) foydalanish shart;
- Tanlovda ishtirok etish orqali ishtirokchilar “TA’LIM MEDIA GROUP” kompaniyasiga o‘zlarining fotosuratlari va tanlov ishlarini (video va matnli material) kompaniya veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda to‘liq yoki qisman chop etishiga avtomatik ravishda ruxsat beradilar. Tanlov ishtirokchilari Kompaniyaga tanlov materiallariga mualliflik huquqini hamda o‘zlarining shaxsiy va boshqa ma’lumotlaridan Kompaniya mahsulotlarini targ‘ib qilish, o‘quv materiallarini ishlab chiqishda foydalanish, boshqa maqsadlarda to‘liq yoki qisman nusxalash uchun foydalanish huquqini beradi.
-
tanlov uchun yuborilgan videodarsning eng kam o‘lchami 1280:720 px (16:9 proporsiyada) bo‘lishi, davomiyligi 15 daqiqadan, hajmi 250 mb dan oshmasligi so‘raladi. Fotosuratlar formati ixtiyoriy (tavsiya etiladi: *.jpg* yoki *.png*), eng kam o‘lchami 4032:3024 px (tavsiya etiladi: 48-64 MP da suratga olish).
Tanlov talablariga javob bermaydigan ishlar tanlovda ishtirok etishi mumkin emas.
Tanlovni tashkil etish:
Tanlov uchun yuborilgan ishlar mustaqil ekspert komissiyasi tomonidan baholanadi.
- Tanlov tashkilotchilari ushbu nominatsiya bo‘yicha 3 tagacha (1-, 2-, 3-o‘rinlar) g‘olibni aniqlash huquqiga ega.
-
Tanlov uchun yuborilgan materiallar qayta ko‘rib chiqilmaydi, ekspert xulosalari ishtirokchilarga taqdim etilmaydi.
-
Tashkilotchilar tomonidan tanlov g‘oliblariga pul mukofoti bilan birga bosma shakldagi diplomlar beriladi.
“TA’LIM MEDIA GROUP” kompaniyasi g‘oliblar haqidagi ma’lumotlarni OAVda e’lon qilish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
Tanlov g‘oliblarini taqdirlash:
Tanlov g‘olibi diplom va pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
1-o‘rin: 6 000 000 (olti mln) so‘m;
2-o‘rin: 4 000 000 (to‘rt mln) so‘m;
3-o‘rin: 2 000 000 (ikki mln) so‘m.
1-o‘rin g‘olibiga diplom va pul mukofoti u faoliyat yuritadigan ta’lim muassasasiga tanlov tashkilotchilarining 25-may kuni tashrifi chog‘ida topshiriladi.
2-, 3- o‘rin g‘oliblariga diplom va pul mukofoti tanlov yakunlangach, pochta orqali yuboriladi. G‘oliblar ekspert komissiyasi tomonidan aniqlanadi.
Raqobatbardosh ishlarni baholash mezonlari:
- Dolzarbligi. Ushbu darsda raqamli resurslardan foydalanishning maqsadga muvofiqligi, keng qamrovliligi, jumladan, inklyuziv ta’lim (alohida ta’limga muhtoj bo‘lgan bolalarga e’tibor). Raqamli resurslardan foydalanishning ahamiyati va o‘ziga xosligi, darsning maqsad va vazifalariga muvofiqligi. Muayyan resursni tanlashda argumentatsiya (nima uchun ushbu maxsus resurs bu darsda ishlatilgan, qo‘shimcha materiallar, vositalar va o‘qitish shakllarining aynan shunday kombinatsiyasi tanlangan; ushbu manbadan qanday foydalanilganligi).
- O‘qituvchining uslubiy kompetensiyasi. Shakl, mazmun, usul va uslublarning qo‘yilgan maqsadlarga va o‘quvchilarning yoshiga mos kelishi; o‘quv qo‘llanmalaridan foydalanish samaradorligi. Ta’lim jarayonida turli shakllar, usullar, zamonaviy yondashuvlar, ularning yangiligi va o‘ziga xosligi. Reproduktiv va muammoli ta’lim shakllarining uyg‘unligi, bilimlarni amaliy qo‘llash.
- Samaradorlik. Sinfda o‘quvchilarning motivatsiyasi, faolligi/passivligi, individual differensial yondashuvlardan faol foydalanish, o‘quvchilarning reflektiv faolligi, o‘quv materialini o‘quvchilar tomonidan tushunilishi.
- Prezentativlik. Video tasvirga olish dizayni va sifati, o‘zini o‘zi taqdim etish, nutq, o‘qitish uslubi, o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasidagi hamkorlik muhiti. Diagrammalar, jadvallar va rasmlardan foydalanish.
Tanlov natijalari “TA’LIM MEDIA GROUP” kompaniyasining veb-saytlari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida 2023-yilning 25-mayigacha eʼlon qilinadi.
“TA’LIM MEDIA GROUP” kompaniyasi tanlovda barcha o‘qituvchilarni faol ishtirok etishga chaqiradi. Tanlov ishtirokchilariga omad tilaymiz!
Eslatma. Tanlov shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida “TA’LIM MEDIA GROUP” kompaniyasi mutaxassislari va ularning yaqinlari tanlovda ishtirok etishi mumkin emas.